06-11-2025 12:39

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida tahlil qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ajralishlar soni eng ko‘p Toshkent shahri (5 913 ta), Farg‘ona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand (4 599 ta) viloyatlarida kuzatilgan.
Joriy yilning yanvar iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan bo‘lib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan.
Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni o‘sgan. Nikohdan ajralishlarning sabablarini tahlil qilish oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ham borligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17 535 ta holatda (54 foiz) xarakter to‘g‘ri kelmasligi, 1 807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta holatda (3 foiz) o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 2024-yilda FHDYO organlarida 7 499 ta oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan. Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.
Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari ko‘payayotgani qayd etildi.
Mazkur fakt va raqamlar Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida yangradi. Ma’lumotlardan kelib chiqib, senatorlar oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga yuborilagan parlament so‘rovini yubordi.
