28-10-2025 13:57

Tadqiqot davomida mutaxassislar turli asab va ruhiy kasalliklardan aziyat chekadigan 17 xil sichqon modeli genetik profilini tahlil qilib, gippokampning “giperpishganligi” deb ataluvchi holatni kuzatgan. Gippokamp – bu hissiyot va xotira uchun javob beradigan miya sohasi bo‘lib, undagi nerv hujayralarining haddan tashqari tez rivojlanishi va qarishi natijasida xavotir darajasi oshadi hamda hissiyotlarni boshqarish buziladi.
Tadqiqot rahbari Xideo Xagixarining so‘zlariga ko‘ra, gippokampning tezlashgan yetilishi xavotir, depressiya va shizofreniya kabi ruhiy holatlarning umumiy molekulyar asosi bo‘lishi mumkin. Olimlar bu belgi kelajakda yangi diagnostik vosita sifatida ishlatilishiga, shuningdek, miya “erta qarishi” bilan bog‘liq ruhiy kasalliklarning oldini olish va davolash usullarini ishlab chiqishda asos bo‘lishiga umid bildirgan.
Boshqa tadqiqotlarga ko‘ra, muntazam jismoniy faoliyat masalan, aerob mashqlar miyaning qarish jarayonini sekinlashtiradi va kognitiv (bilish) funksiyalarni yaxshilaydi. Shuningdek, faol ijtimoiy hayot kechirish, fikrlashni talab qiluvchi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish, masalan, boshqotirmalar yechish yoki yangi tillarni o‘rganish miya sog‘lig‘ini saqlashga yordam beradi.
Agar ushbu tadqiqot natijalari tasdiqlansa, bu ruhiy buzilishlarni davolashda yangi imkoniyatlar ochadi va bunday kasalliklardan aziyat chekayotgan insonlarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Miya holatini va uning qarish jarayonini baholashda yangi biomarkerlardan foydalanish esa erta tashxis va kasalliklarning oldini olishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlari Amerika rayhoni ekstrakti miya qarishini sekinlashtirishi hamda oksidlovchi stress va yallig‘lanishni kamaytirishini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.
