28-10-2025 10:01

Kayfiyatni ko‘taradi
Quyosh nuri ta’sirida miyada serotonin gormoni ishlab chiqarish kuchayadi. Ushbu modda ko‘pincha “baxt gormoni” deb ataladi, chunki u ruhiy holatni tartibga soladi. Yorug‘lik qancha ko‘proq bo‘lsa, serotonin darajasi ham shunchalik yuqori bo‘lishi ehtimoli ortadi, natijada inson o‘zini tetikroq va ko‘tarinki kayfiyatda his qiladi.
Depressiya alomatlarini kamaytiradi
Yorug‘lik terapiyasi mavsumiy affektiv buzilish (qishda kayfiyatning tushib ketishi) sindromida tavsiya etiladi. Quyosh nuri melatonin — uyquni chaqiradigan gormonning ishlab chiqarilishini pasaytiradi. Ayrim mamlakatlarda bunday davolash qo‘shimcha vosita sifatida qo‘llanadi. Masalan, Buyuk Britaniyada yorug‘lik terapiyasi samarasi yetarlicha isbotlanmagan deb hisoblanadi, shuning uchun shifokorlar odatda birinchi navbatda antidepressantlarni yozib beradi.
Uyqu sifatini yaxshilaydi
Serotonin melatoninning “ilk bosqichi” bo‘lgani uchun ertalab quyoshda bo‘lish, kechqurun uyquni tezroq va sifatliroq boshlashga yordam beradi. Kunduzgi yorug‘lik tananing “biologik soati”ni to‘g‘ri sozlashga xizmat qiladi.
Quyosh nuri tanaga qanday foyda beradi?
Quyosh nuri teri orqali D vitamini sintezini rag‘batlantiradi. Bu vitamin suyaklarning mustahkamligi uchun juda muhim, chunki u kalsiyning o‘zlashtirilishida asosiy rol o‘ynaydi. D vitamini yetishmasa, bolalarda raxit, kattalarda esa osteoporoz rivojlanish xavfi ortadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, inson organizmiga ultrabinafsha nurlanishining eng asosiy foydasi aynan D vitamini ishlab chiqarilishidir. Biroq teri bir vaqtning o‘zida ushbu vitaminni cheklangan miqdorda hosil qila olmaydi. Ya’ni uzoq vaqt quyosh tagida qolish D vitamini darajasini oshirmaydi.
Quyoshda tez-tez qolish kerakmi?
Ba’zan quyoshning ruhiy va jismoniy sog‘liq uchun foydasi borligi sababli ko‘pchilik iloji boricha ko‘proq quyosh nurida yurish kerak deb o‘ylaydi. Lekin bu yondashuv doim ham to‘g‘ri emas. Chunki ultrabinafsha nurlar bir vaqtning o‘zida teriga zarar yetkazadigan omil ham hisoblanadi.
Haddan tashqari quyoshda qolish terining tez qarishi (fotoqarish)ga olib keladi: chuqur ajinlar, pigment dog‘lar va mayda qizil tomirchalar paydo bo‘lishi mumkin. Uzoq muddat UV ta’sirida qolish esa teri saratoni rivojlanish xavfini oshiradi.
Shuning uchun quyoshga chiqqanda quyidagi himoya choralarini ko‘rish tavsiya qilinadi:
• SPF 30 va undan yuqori himoyaga ega krem surtish,
• ayniqsa tush paytlari soya joyda yurish,
• terini yopadigan, uzun va paxta matoli kiyimlar kiyish.
Quyosh nurlarining ko‘zlarga bo‘lgan salbiy ta’siri ham oz emas. Uzoq muddatli nurlanish katarakta, xira ko‘rish va hatto ko‘z saratoniga olib kelishi mumkin. Shuning uchun UV filtri bo‘lgan ko‘zoynak taqish ham juda muhim sanaladi.
Quyosh ostida qancha vaqt qolish yetarli?
Mutaxassislar UV nurlanishining zarari foydasidan ortiq bo‘lib ketmasligi uchun quyoshda uzoq vaqt qolishga hojat yo‘qligini ta’kidlashadi. Odatda haftasiga 2–3 marotaba 5–15 daqiqalik quyosh nuri teri uchun yetarli bo‘ladi. Bu vaqtda ham terini himoyalovchi kremdan foydalanish tavsiya etiladi.
