28-10-2025 13:19

G‘arbda hatto man cold (erkaklar shamollashi) degan maxsus atama mavjud bo‘lib, erkaklarning kasal bo‘lganida o‘rnida tura olmasligi, go‘yoki o‘limga olib keluvchi dahshatli kasallikka chalingandek o‘zini tutishiga nisbatan hazil tarzida qo‘llanadi.
Shu sababli erkaklar shamollashni og‘irroq o‘tkazishi haqidagi tushunchani o‘rganish maqsadida olimlar bir nechta tadqiqot o‘tkazdi. Unda 1 700 nafar erkak va ayol ishtirok etdi.
Mutaxassislar ularga oddiy shamollash belgilarini keltirib chiqaradigan virusni yubordi. Tajriba ishtirokchilaridan o‘zlaridagi alomatlarning og‘irligini 10 ballik shkala bo‘yicha baholash so‘raldi. Shu bilan birga, shifokorlar har bir ishtirokchi sog‘lig‘ini turli parametrlar bo‘yicha tekshirdi: tana haroratini, burundan ajralmalar miqdorini va bodomsimon bezlarning yallig‘lanish darajasini o‘lchab bordi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, erkaklar orasida 19,9 foiz ishtirokchi o‘z ahvolining og‘irligini bo‘rttirib ko‘rsatadi, ayollar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 14,2 foizni tashkil qiladi. Biroq bu tadqiqot bundan 20 yil avval o‘tkazilgan.
Yaqinda esa bir guruh olimlar man cold tushunchasi mavjudligini rad etdi. Ular Yevropaning 14 shahrida yashovchi 2,7 mingdan ortiq odam bilan suhbat o‘tkazib, natijada kasallangan ayollarning 74,7 foizi va erkaklarning atigi 66,5 foizi shamollashni og‘ir o‘tkazishi aniqlandi.
Bundan tashqari, ayollar kasallik alomatlarini yengillashtiruvchi vositalardan ko‘proq foydalanishlari ma’lum bo‘ldi. Masalan, ular isitma, tumov va tomoq og‘rig‘iga qarshi turli preparatlari darrov ichishadi yoki asal va limonli choy kabi xalq usullaridan faol foydalanishadi.
Erkaklar esa ko‘proq qo‘llaydigan yagona “davolash” usuli spirtli ichimliklar bo‘lib chiqdi. Shamollash paytida etanoldan erkak ishtirokchilarning 18,9 foiz qismi foydalangan.
Tadqiqotchilar nega ayollar shamollaganda o‘zlarini yomon his qilgani haqida erkaklarga qaraganda ko‘proq gapirishlarini tushuntirishga ham harakat qildi, ularning xulosasiga ko‘ra:
o‘ta sezgir bo‘lish: ayollar tanasidagi va hissiyotlaridagi o‘zgarishlarni erkaklarga qaraganda tezroq va ko‘proq sezadi;
ayollik vazifalari: uy ishlari, bolaga qarash ko‘pincha ayollar zimmasida qoladi. Shuning uchun ular kasal paytida dam olishga vaqt topolmaydi. Ish bilan band bo‘lgan odam yotib dam olayotgan odamga qaraganda kasallikni ko‘proq his qilishi tabiiy;
“erkak kishi chidashi kerak”: jamiyatdagi qoidalar erkaklarga zaifligini ko‘rsatishga ruxsat bermaydi, bu esa shikoyat qilishga to‘sqinlik qiladi. Ayollarga esa o‘zlarini yomon his qilsalar, bemalol aytishlariga ruxsat beriladi.
Immun tizimi ham rol o‘ynaydi
Boshqa tadqiqotchilar erkak va ayol immun hujayralarining faoliyati jinsiy gormonlarga bog‘liq deb taxmin qilishadi. Yosh ayollarning immuniteti viruslarga erkaklarnikiga qaraganda kuchliroq javob beradi. Ularda tanaga kirgan virusni eslab qoladigan va yo‘q qiladigan hujayralar (B- va T-limfotsitlar) faolroq ishlaydi.
Xulosa
Yuqorida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikkita tadqiqotni keltirdik, shuning uchun ularga asoslanib aniq ilmiy xulosa chiqarish qiyin. Chunki olimlar buni aniqlashda asosan so‘rovnoma usulini qo‘llashgan, bu esa har doim ham to‘g‘ri natija bermaydi. Chunki odamning o‘zini qanday his qilishi nafaqat kasallikka, balki uning o‘ziga xos ruhiy holatiga ham bog‘liq.
Demak, kasallik paytidagi ahvolimiz ko‘proq bizning tabiatimizga, odatlarimizga, qanday oilada ulg‘ayganimizga va organizmning viruslarga beradigan qarshi javobiga bog‘liq ekan. “Erkaklar shamollashni og‘irroq o‘tkazadi” degan tushuncha esa shunchaki xalq orasida ommalashib ketgan hazil-mutoyibadan boshqa narsa emas.
