24-10-2025 11:24

Xususan, Niderlandiyadagi Neymegen universiteti mutaxassislari 18 dan 88 yoshgacha bo‘lgan 577 nafar insonni o‘rganib, ularning miya faoliyati va vaqtni qabul qilish mexanizmlarini tahlil qilishdi.
Tadqiqot ishtirokchilari “Alfred Xitchkok taqdim etadi” nomli serialning 8 daqiqalik lavhasini tomosha qilgan, shu paytda ularning miyadagi faoliyati funksional MRT yordamida qayd etilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, keksa ishtirokchilarning miyadagi faollik holatlari orasidagi o‘tishlar kamroq bo‘ladi va bu holatlar yoshroq kishilarnikiga qaraganda uzoqroq davom etadi. Boshqacha aytganda, qariyalar bir vaqt oralig‘ida kamroq voqealarni qayd etadi, shu sababli ularga vaqt tezroq o‘tayotgandek tuyuladi.
Bu Aristotelning fikri bilan ham mos keladi: ma’lum bir vaqt davomida ko‘proq sezilarli voqealar sodir bo‘lsa, vaqt subyektiv tarzda uzoqroq o‘tayotgandek tuyuladi. Agar miya qayd etadigan voqealar orasidagi o‘tishlar kamroq bo‘lsa, vaqt qisqargandek bo‘ladi.
Tadqiqot mualliflari bu fenomenni yoshga bog‘liq neyron dediferentsiatsiyasi bilan izohlaydi. Yosh o‘tishi bilan miyaning turli sohalari o‘ziga xos responsivligini yo‘qotadi. Masalan, odatda yuzlarni aniqlashga javob beradigan neyronlar qariroq odamlarda boshqa obyektlarga ham javob berishi mumkin. Natijada yoshi kattalarda vaqt tezroq o‘tgandek his paydo bo‘ladi.
Biroq vaqt o‘tish tezligi miyaning fiziologiyasi bilan cheklanmaydi. Polshadagi Mariya Sklodovskaya-Kyuri universiteti lingvisti Joanna Shadura ta’kidlaganidek, 5 yoshli bola uchun bir yil hayotining 20 foizini tashkil etsa, 50 yoshli kishi uchun bu faqat 2 foizni tashkil qiladi. Ya’ni insonning ichki vaqt hisobi nisbiy va yoshga qarab o‘zgaruvchan bo‘ladi.
Shu sababli vaqt o‘tishini subyektiv tarzda sekinlashtirish mumkin bo‘ladi. Masalan, yangi bilimlarni egallash, sayohat qilish, noodatiy mashg‘ulotlar va eng muhimi, ijobiy muhit va xursandchilik vaqtni boy va mazmunli o‘tkazishga yordam beradi.
