24-10-2025 11:51

Miya energiyani tejashga moyil. Siz hech narsa sodir bo‘lmaydigan sharoitga, masalan, keskin burilishlar va atrof-muhitdagi o‘zgarishlarsiz to‘g‘ri yo‘l qismiga tushib qolganingizda, u “tejamkor” rejimga o‘tib, avtopilotda ishlay boshlaydi.
Bu yengil trans holatini eslatadi: diqqat tarqalib, ong o‘chgandek tuyuladi. Natijada jismonan charchamagan bo‘lsangiz ham uyqu keladi.
Haydovchilar gipnotik trans holatiga tushib qolishi mumkinligi haqidagi taxmin 1920-yillarda - avtomobillar ommalasha boshlaganidan keyin darhol aytilgan. Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda esa yo‘l gipnozini tavsiflash uchun ko‘pincha “driving without awareness” yoki “e’tiborsiz haydash” tushunchasi qo‘llaniladi.
Inson bunday holatga nafaqat derazadan ko‘rinadigan bir xil manzara tufayli, balki ajratuvchi chiziqning oq shtrixlari lip-lip o‘tishi, mashina motorining bir maromdagi shovqini, yorug‘likning miltillashi yoki mashinani yolg‘iz boshqarish zarurati tufayli ham tushib qoladi.
Yo‘l gipnozining eng ko‘zga ko‘ringan xavfi - bu diqqat susayishi va yo‘ldagi kutilmagan vaziyatlarga nisbatan reaksiyaning pasayishidir. Bunday holatda miya tashqi signallarni sekinroq qayta ishlaydi va to‘satdan paydo bo‘lgan piyodani yoki boshqa haydovchining kutilmagan harakatini payqamay qolish mumkin.
Bundan tashqari, bularning barchasi miyaning bir lahzaga o‘chib qolishiga olib kelishi mumkin. Agar bu lahza keskin tormozlash yoki yo‘nalishni o‘zgartirish zarurati bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelsa, hayotingizga zomin bo‘lishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, bunday hodisalarni nafaqat rul ortida, balki boshqa vaziyatlarda ham kuzatish mumkin - masalan, zerikarli yig‘ilishda uzoq o‘tirganingizda, bir xil kundalik ishlarni bajarayotganingizda yoki ekranda bir xil manzaralarni tomosha qilayotganingizda ham shunday holat sodir bo‘ladi.
Rulda diqqatingizni yo‘qota boshlaganingizni his qilsangiz, nima qilish kerak?
Voqelikdan uzilib qolayotganingizni sezishingiz bilan, to‘xtab, bir necha daqiqaga mashinadan tushganingiz ma’qul. Masalan, bir-ikkita jismoniy mashq bajarish mumkin. Oddiy muhit o‘zgarishi - toza havo, yengil tamaddi yoki chigil yozish mashqlari miyanni qayta faollashtirishga yordam beradi.
Yana bir maslahat - sayohat sur’ati va ritmini o‘zgartirib turish lozim. Yo‘lkalar orasida harakatlanishni yoki tezlikni tartibga solishni sinab ko‘ring - albatta, qoidalar doirasida. Bu miyaga ko‘proq rag‘bat beradi va faollikni saqlab qolishga yordam beradi. Bundan tashqari, uzoq masofalarga, ayniqsa tunda, yolg‘iz sayohat qilmang. Agar shunday qilishga majbur bo‘lsangiz, musiqa yoki radio eshiting. U diqqatingizni chalg‘itishga va miyangizning gipnoz holatiga tushib qolishining oldini olishga yordam beradi.
