14-10-2025 10:09
Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, mushuklar yurak xurujidan himoya qilishi mumkin. AQSHning Minnesota universiteti olimlari mushuklar bugungi kungacha kam e’tibor qaratilgan bir qator foydali xususiyatlarga ega ekanini aniqladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, mushuklar insonning yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va yurak xurujiga chalinish xavfini 33 foizga kamaytiradi.
Mushuklar inson organizmiga kuchli kardioprotektiv — ya’ni yurakni himoya qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Kardiolog Mariano Napoli bu haqda quyidagicha izoh beradi:
“Mushuk bilan muloqot qilish stressni kamaytiradi, qon bosimini tushiradi va yurak urish ritmini barqarorlashtiradi. Bu omillar, shubhasiz, yurak uchun foydalidir”.
Tadqiqot Minnesota universiteti tomonidan olib borilgan bo‘lib, unda 4 435 nafar ishtirokchi qatnashgan. Shundan 2 435 nafari (55 foizi) mushukni uy hayvoni sifatida saqlaganini bildirgan. Tadqiqot 20 yil davomida olib borilgan va natijada mushuk boqish tajribasiga ega bo‘lgan ishtirokchilarda yurak xuruji oqibatida vafot etish xavfi ancha pastligi aniqlangan.