06-10-2025 10:20
«Aeroflot» aviakompaniyasining SU-1870 reysi Moskva — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan Airbus A320 samolyoti 6 oktyabr kuni tungi soatlarda Toshkent aeroportida yer qimirlashi sababli qo‘na olmagan.Bu haqda Telegram’dagi «Novosti Tashkentskogo Neba» kanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot ekipaji xavfsizlik choralarini ko‘rib, ikkinchi aylanmaga chiqishga qaror qilgan. Keyinchalik parvoz muvaffaqiyatli yakunlanib, havo kemasi soat 01:50 da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga osoyishta qo‘ngan.
O‘zbekistonning MyFreighter yuk operatorining Afinadan parvoz qilgan samolyotida ham xuddi shunday holat yuz bergan. Samolyot kutish hududida biroz vaqt bo‘lganidan so‘ng Toshkentga qo‘ngan. Bu u oldindan belgilangan marshrut bo‘ylab aylanib, qo‘nishga ruxsat kutganini anglatadi.
Bundan tashqari, Uzbekistan Airways’ning ayrim reyslar jadvaliga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.
Xususan, 6 oktyabr kuni Toshkent—Kuala-Lumpur—Toshkent yo‘nalishidagi HY553/HY554 reyslari kechikish bilan parvoz qilgan. Samolyot Toshkentdan 6-oktyabr soat 03:35 da uchgan.
Shuningdek, 6 oktyabr kuni Toshkent—Tel-Aviv—Toshkent yo‘nalishidagi HY301/302 reyslari ham kechikish bilan amalga oshirilgan. Mazkur reys Toshkentdan 11:00 da uchgan. “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ ushbu reyslar texnik sabab bilan kechikkanini ma’lum qilgan.
Seysmologlar ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishi Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati hududida sodir bo‘lgan. Zilzilaning magnitudasi 5,7 ball, chuqurligi esa 10 kilometrni tashkil etgan. Epitsentrdagi silkinish kuchi 7 ballga yetgani qayd etilgan.
O‘z navbatida, yer qimirlashi O‘zbekistonning bir qator hududlarida ham sezilgan. Namangan viloyatida 3–4 ball, Andijonda 3 ball, Farg‘onada 2–3 ball, Toshkentda 2–3 ball, Sirdaryo viloyatida esa 2 ball atrofida bo‘lgan.
Hodisa natijasida talafotlar yoki jarohatlar haqida ma’lumot keltirilmagan.