30-06-2025 15:09
Biz axborot asrida yashayapmiz. Mavhumliklar, ulug' g'oyalar, adolat va erkinlik singari tushunchalar endi qog'ozda emas — ekranlarda, layklar va kommentariylar sonida baholanayotgan bir davrdamiz. Internet — haqiqat va yolg'on bir-biriga juda yaqin turgan maydonga aylandi. U yerda sizni kim maqtayapti, kim haqorat qilayapti — aniq aytib bo'lmaydi. Chunki ko'pincha ularning ortida real odam emas, soxta nomlar, turli chirkin maqsadlar turadi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar, trollar va “bot fabrikalari” faoliyati tobora faollashib bormoqda. Ular ma'lum bir shaxs, tashkilot yoki g'oya manfaati yo'lida o'ylangan va rejalashtirilgan muhokamalarni yaratadi. Ba'zan siz o'qigan izohlar nafaqat haqiqatni burmalaydi, balki sizning his-tuyg'ularingiz, fikrlash tarzingizni ham o'zgartirishga harakat qiladi.
Masalan, bir ijtimoiy muammo muhokama qilinmoqda. Boshlang'ichda haqiqiy, samimiy fikrlar, shubhasiz, bor. Lekin ortidan darrov bir necha akkauntlar bitta g'oyani qayta-qayta takrorlay boshlaydi: “Hammasi yaxshi”, “Hech kimni ayblamaslik kerak”, “Hukumat nima qilsa, to'g'ri”, yoki aksincha, “Bu yerda jinoyat bor, jazo berish kerak”. Va siz ko'ra boshlaysiz: go'yo omma shunday o'ylayapti, go'yo bu haqiqat.
Lekin siz shunchaki manzarani emas, ssenariyni kuzatayotgan bo'lishingiz ham mumkin.
Yaqinda “Kun.uz” saytida yaxshi bir suhbat e'lon qilindi. Mavzu aynan siz va biz bugun muhokama qilayotgan masalada. E'tiborli jihati: spiker sifatida ham davlat amaldori, ham nodavlat jamoatchilik vakili taklif etilgan. Keling, ularning ayrim fikrlarini keltirib o'tamiz:
Sherzodxon QUDRATXO'JA, O'zJOKU rektori:
— Postlar ostidagi 2-3 ming fikrlar butun O'zbekiston aholisi qarashini ifodalamaydi.
— Dunyoda mustaqil jurnalistika yo'q, mikrofon ko'targan kimki bor, manfaati uchun chiqadi.
— Odamlar ko'pincha material yoki postlarni mukammal tarzda ko'rmaydi, lekin izoh yozadi.
— Men rektor bo'lib turib, OAV himoyachisi bo'lsam ham, tuhmat qilgan boshlovchi-yu sharhlovchilarni jazolash tarafdoriman.
Abdurahmon TAShANOV, Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi:
— Yerga suv quysangiz, birinchi begona o'tlar o'sib chiqqanidek, so'z erkinligi davrida radikallar, shallaqilar ko'payishi bu tabiiy hol.
— O'zbekistonda markazlashgan troll guruhlari ishlaydi. Maqsad aniq, ular faollarga osilib, o'ziga yoqmaganlarni yomonotliq qiladi.
— Davlat organlari, amaldorlar, siyosatchilar va xalq o'rtasida tizimli kommunikatsion muammolar bor.
Yana mavzuga qaytsak. Xo'sh, trollar kimga xizmat qiladi?
Aslini olganda, trollar o'z fikri uchun yonayotgan oddiy fuqaro emas. U ko'p hollarda pul yoki topshiriq uchun harakat qiluvchi virtual ijrochidir. Uning vazifasi — muhokamani asl mavzudan burish, oqni qora, qorani oq ko'rsatish. Ular jamiyatda ishonchsizlik, parokandalik va kayfiyatsizlik urug'ini sochadi. Haqiqiy tanqidchilarni “sotqin”, “xorij agentlari” deb atash — ular uchun oddiy mashq.
Internetdagi har bir fikr — haqiqat emas. So'z erkinligi degan niqob ostida manfaat gapiryapti. Trollar va botlar sizning ongingiz bilan o'ynashmoqda. Va eng achinarlisi — ularning gapiga ishonish orqali biz o'zimiz ham soxta muhitni quvvatlab qo'yyapmiz.
Biz mavzu yuzasidan bir nechta mutaxassislarning fikrlari, mulohazalari bilan ham qiziqdik:
Media tahlilchi Nodira Otajonovaning fikricha, “Ijtimoiy tarmoqlardagi trollar faqat shov-shuv uchun emas, balki jamiyatni iflos axborot bilan to'ldirish, odamlarning real voqealarga bo'lgan e'tiborini chalg'itish uchun ham qo'llaniladi. Sizning fikringizga ta'sir qilayotgan “oddiy foydalanuvchi” ortida PR agentlik yoki siyosiy markaz yashirin holda turishi mumkin”.
Psixolog Doniyor Musurmanov esa shunday dedi:
“Soxta kommentlar insonning emotsional holatiga ta'sir ko'rsatadi. Qayta-qayta bir xil mazmundagi fikrlar, nafratbop yozuvlar insonda dunyoqarashni, kayfiyatni o'zgartirishi, hatto ruhiy tushkunlikka sabab bo'lishi mumkin. Bu — psixologik qurol”.
Huquqshunos Umid Rasulov e'tiborni quyidagi jihatga qaratadi:
“Trollar va botlar faoliyati ko'p mamlakatlarda kiberjinoyat deb qaraladi. Bir insonni obro'sizlantirish, shaxsiy ma'lumotini tarqatish yoki uni yolg'on ma'lumotlar orqali jamoat oldida masxara qilish — bu jinoyat hisoblanadi. Bizda esa bu hali yetarlicha huquqiy asosga ega emas”.
Axborot xavfsizligi mutaxassisi Nilufar Hamdamova esa real tahdidni ko'radi:
“Ba'zi trollar oddiy foydalanuvchi emas — u rejali ravishda ishlaydigan akkauntlar. Ular turli davlatlar, kompaniyalar tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda botlar ma'lum bir millat, din yoki siyosiy guruhga qarshi nafrat uyushtirishda ishlatilyapti. Bu — axborot urushidagi zamonaviy quroldir”.
Inson so'zi — bu qalbning sadosi. U samimiyatdan tug'ilsa, jamiyatda nur bo'ladi. Ammo bugun internet muhitida bu so'zlarga qo'shimcha ovozlar aralashyapti — soxta, manfaatdan tug'ilgan, go'yo ommaning fikridek qilib ko'rsatilgan soxta izoh va sharhlar. Ular haqiqatni parchalaydi, jamiyat ongini manipulyatsiya qiladi, ishonchni so'ndirib, adovat urug'ini ekkan holda jamiyatni ichidan yemirishga xizmat qiladi.
Xo'sh, shunday ekan, biz kimning gapiga ishonishimiz kerak? Feyk avatarli, o'zini tanishtirmasdan bahsga aralashadigan “qahramon”gami yoki hayotda bor, iztirob, tajriba va bilimga ega haqiqiy insongami?
Har birimiz axborot maydonida nafaqat ishtirokchimiz, balki javobgar hammiz. Shuning uchun ham soxta fikrlarga qarshi immunitetimiz — tanqidiy fikrlash, tahlil qilish va, eng muhimi, faqat insonlarning qalbidan chiqqan so'zlarga ishonch bo'lishi kerak.
So'z ozodligini zaharlamaylik. Trollarga emas, haqiqatga xizmat qilaylik.
Islom ASILBEKOV,
jurnalist.