19-09-2025 10:15
Saudiya Arabistoni va yadroviy qurolga ega Pokiston rasmiy ravishda o‘zaro mudofaa paktini imzoladi. Bu haqda Al-Jazeera xabar berdi.
Mudofaa pakti 17 sentyabr kuni Ar-Riyoddagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolangan. Ushbu kelishuv Isroilning Qatardagi Hamas yetakchilariga hujumidan so‘ng chaqirilgan Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda yig‘ilishidan ikki kun o‘tib e’lon qilindi.
Qo‘shma bayonotda aytilishicha, kelishuv ikki davlatning mintaqada xavfsizlik va tinchlikni ta’minlash, har qanday tajovuzga qarshi qo‘shma choralarni mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarini ifoda etadi. Sho‘ningdek unda, qaysi davlatga tajovuz qilinmasin, bu har ikkalasiga qilingan tajovuz sifatida baholanishi qayd etilgan. Saudiya va Pokiston munosabatlari tarixiy sheriklik va umumiy strategik manfaatlarga asoslanishi ham ta’kidlangan. Pakt imzolangandan keyin ikki rahbar bir-birini quchoqlagani ham televideniye orqali namoyish etilgan.
Reuters agentligi yozishicha, yangi mudofaa aloqalari AQSHni ko‘p yillik asosiy xavfsizlik kafolatchisi sifatida qabul qilib kelgan Ko‘rfaz davlatlari orasida shubha kuchaygan bir paytda paydo bo‘ldi. Yaqinda Isroilning Qatarga hujumi bu xavotirlarni yanada oshirgani ta’kidlandi. Saudiyalik rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv muayyan mamlakat yoki voqealarga javob sifatida emas, balki uzoq muddatli va chuqur hamkorlikni institutsionallashtirish maqsadida imzolangan.
Biroq tahlilchilar ushbu pakt mintaqadagi strategik muvozanatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etmoqda. Saudiya rasmiysi esa Pokistonning raqibi bo‘lgan Hindiston bilan munosabatlarda ham muvozanatni saqlash zarurligini tan oldi. Shu bilan birga, jurnalistlarning «Pokiston Saudiyaga yadroviy qalqon bo‘ladimi?» degan savoliga, rasmiy «bu barcha harbiy vositalarni qamrab oluvchi keng qamrovli mudofaa kelishuvi» deb javob bergan.