01-08-2025 06:21
Jamiyat ma’lumotlariga ko‘ra, olimlar Mars geografiyasi haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etib, Qizil sayyoraga oid ilgari shakllangan tasavvurlarni butkul o‘zgartirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, sayyora o‘tmishda ulkan daryolarga ega bo‘lgan.
Joriy yilda Buyuk Britaniyaning Darem shahrida o‘tkazilgan Milliy astronomik konferensiya ishtirokchilari Mars janubiy yassitog‘ligida qadimgi daryolar oqib o‘tgan ko‘plab izlar aniqlanganini ma’lum qildi. Bu esa sayyorada ilgari o‘ylanganidan ancha ko‘p suv manbalari bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Mars orbitasidagi apparatlar tomonidan yuqori aniqlikda olingan notekis relef tasvirlarida tadqiqotchilar qadimgi daryo tizimlarining geologik izlarini topgan. Olimlar taxminiga ko‘ra, bu daryo izlarining yoshi 3 milliard yildan ortiq. Ba’zilarining uzunligi nisbatan qisqa bo‘lsa-da, boshqalari 200 kilometrgacha cho‘zilgan butun bir tarmoqni hosil qilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu daryolar suvga to‘yingan bo‘lgan va muntazam yomg‘ir yoki qor yog‘ishi hisobiga to‘lib turgan bo‘lishi mumkin.
Marsda suv izlari ilgari ham topilgan, biroq Nuh yeri deb ataluvchi janubiy yassitog‘likda emas. Uzoq vaqt davomida bu hududda suv havzalari bo‘lmagan, deb hisoblangan. Biroq Marsning qadimgi iqlimi bo‘yicha kompyuter modellariga ko‘ra, aynan shu hududda kuchli yomg‘ir va qor yog‘inlari kuzatilgan bo‘lib, suv oqimi relefni shakllantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) olimlari AQSH, Meksika va Ispaniyadagi hamkasblari bilan birga Marsda shu kungacha topilgan eng uzun organik zanjirlarni aniqlagan edi.