30-07-2025 12:18
The Independent nashrining yozishicha, OpenAI tomonidan yaratilgan ChatGPT’ning so‘nggi avlodi botlarni tanish tizimlarini, jumladan, Cloudflare CAPTCHA tekshiruvini aldashni o‘rgangan. Yangi imkoniyatlar orasida internet orqali xarid qilish, uchrashuvlar belgilash va restoranda joy band qilish kabi vazifalarni bajarish mavjud.
Internetda ChatGPT’ning «Men odamman» belgisini o‘zi o‘rnatib, CAPTCHA tizimidan o‘tayotgani va bu jarayonda foydalanuvchini oldindan ogohlantirishi muhokama qilinmoqda. OpenAI bu funksiyalar faqat foydalanuvchi ruxsati bilan ishga tushishini ta’kidlamoqda.
Kompaniya sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaygani bilan xavflar ham ortib borayotganini tan olib, xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qilgan. Shunga qaramay, ekspertlar ChatGPT’ning foydalanuvchi nomi bilan harakat qilishi platformalar tomonidan bot faoliyatini cheklash mexanizmlarini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotirda.
OpenAI asoschisi Sem Oltmanning ta’kidlashicha, ba’zi foydalanuvchilar ChatGPT’dan psixologik, tibbiy va moliyaviy maslahatlar olishda foydalanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday shaxsiy muloqotlar haqiqiy mutaxassis bilan bo‘lgan gaplashuvlardek maxfiy hisoblanmaydi.
«Agar siz ChatGPT bilan shaxsiy mavzularda gaplashgan bo‘lsangiz va keyin sud ishi boshlansa, bu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qilinishimiz mumkin, — degan edi Oltman.
Bundan tashqari, sud OpenAI’ga foydalanuvchilarning barcha chat ma’lumotlarini — hatto o‘chirilgan yoki vaqtinchalik deb belgilangan bo‘lsa ham — saqlash majburiyatini yuklatgan.