Ayrim bank rahbarlari ishdan ketishi mumkin
04.02.2025 12:41
Telegramdagi Platforma blogida ma’lum qilingan axborotga ko‘ra, Mahallabay ishlash tizimini tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sababli bank boshqaruvchilariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi kutilmoqda.

Jumladan, bir necha banklarning boshqaruvchilari, viloyat boshliqlari lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Ma’lumotda qayd etilishicha, ishdan olinishi kutilgan bank boshqaruvchilarining soni banklar kesimida quyidagicha taqsimlanadi:
- “Xalq banki” – 7 nafar
- “Agrobank” – 7 nafar
- “Mikrokreditbank” – 7 nafar
- “Aloqabank”– 6 nafar
- “O‘zmilliybank” – 4 nafar
- “Biznesni rivojlantirish banki” – 4 nafar
- “O‘zsanoatqurilishbank” – 3 nafar
- “Turonbank” – 2 nafar
- “Asakabank” – 1 nafar
Yuqorida nomi keltirilganlardan tashqari, yana bir qator bank rahbarlari uchun ham chora ko‘rilishi kutilmoqda. Jumladan, Markaziy bankning Toshkent viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilishi kutilmoqda. Shuningdek, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari bosh boshqarmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilinishi ham mumkin. Qayd etilishicha, bu choralar mahallabay ishlash tizimidagi mas’uliyatsizlik va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, ayni shu manbaning ma’lum qilishicha, Qurbonov Alisher Samadovich “Aloqabank” boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgan.