Ma’lum qilinishicha, bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. "Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15-20 barobar yuqori", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ushbu sohalarda resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yiladi. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillardagi jami quvvatlarda “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetgan. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyasi, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Davlat rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion so‘m kredit ajratiladi. Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.