10-11-2025 13:07

Rossiyada yosh oilalarga 10 yil davomida nikohda qolish va farzand dunyoga keltirish sharti bilan uy-joy berish taklif etildi. Ushbu tashabbus bilan siyosatshunos va jamoat arbobi Vadim Popov chiqdi. U tegishli qonun loyihasini hukumat muhokamasiga yuborganini ma’lum qildi, deb yozmoqda Moskva24.
Popovning ta’kidlashicha, bu g‘oya mamlakatdagi demografiya muammosini hal qilishga va yosh oilalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Uning fikricha, ipoteka stavkalari yuqoriligi va uy-joy narxlari kattaligi tufayli ko‘p yoshlar kvartira sotib olish imkoniyatiga ega emas.
«Aniqki, uy-joyning mavjudligi ajrashishning oldini to‘liq ololmaydi. Biroq bu yoshlarga kelajak rejalarini aniq belgilash, farzand tug‘ishni kechiktirmaslik imkonini beradi», — dedi Popov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar juftliklar 10 yillik majburiyatga rioya qilmasa yoki ajrashsa, kvartira davlatga qaytariladi.
Mazkur taklif Rossiyada tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan umumiy siyosat bilan hamohang. Prezident Vladimir Putin ham avvalroq hukumatni shunday choralar ko‘rishga chaqirgan edi.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi deputati Oleg Matveychev mamlakatdagi demografik tanazzulga qarshi «radikal» chora sifatida aholining turmush darajasini pasaytirishni taklif etgani haqida xabar bergan edik.
