10-11-2025 08:29

Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtni suv bilan ta’minlaydigan suv omborlari so‘nggi 60 yildagi eng past darajaga tushgan. Ayrimlarida esa 10 foizdan ham kam suv qolgan. To‘qqiz milliondan ortiq aholisi bor Tehron olti yil ketma-ket davom etayotgan qurg‘oqchilik bilan kurashmoqda. Bu holat nafaqat ichimlik suvini, balki GESlarda elektr ishlab chiqarishni ham xavf ostiga qo‘ymoqda.
Shahid Abbospur nomidagi Suv va energetika universitetida bo‘lim boshlig‘i Ali Moridi ta’kidlashicha, Erondagi suv bilan bog‘liq favqulodda vaziyat nafaqat qurg‘oqchil iqlim, balki olimlar, sanoat va davlat idoralari o‘rtasidagi uzoq davom etgan aloqasizlik tufayli yuzaga kelgan.
“Agar hozirgi ahvol shu tarzda davom etaversa, Eronning markaziy platosi butunlay aholisiz qolishi ehtimoldan xoli emas”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yerosti suvlari kamayishi va tuproq sho‘rlanishi tufayli janubdagi, xususan Fars viloyatidagi qishloq aholisi shaharlarga ko‘chib o‘tmoqda. Quduqlarning qurib qolishi natijasida shaharlar tartibsiz kengaymoqda, bu esa ijtimoiy muammolarni kuchaytirayotganini ko‘rsatadi.
Eron suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Shu sababli suv inqirozi avvalo dehqonlar va qishloq joylardagi aholi hayotiga zarba bermoqda.
DW nashri mahalliy manbalarga tayanib yozishicha, Tehron va Eronning markaziy viloyatlaridagi ko‘plab suv omborlarida suv sathi shu qadar pasayib ketganki, ularni endi ishlatishning iloji qolmagan. Energetika vaziri Abbos Ali Obodiy Tehron va boshqa bir nechta hududlarga kechasi suv o‘chirilishini ma’lum qildi va aholiga suvni vannalarda zaxira qilib qo‘yishni tavsiya qildi.
Aslida, Tehronning ayrim hududlarida bu holat allaqachon kuzatilmoqda. Prezident Pezeshkiyon agar yil oxirigacha yomg‘ir yog‘masa, Tehron aholisini vaqtincha ko‘chirish mumkinligini aytgan, biroq bu qanday amalga oshirilishini batafsil tushuntirmagan.
ISNA agentligining ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyidan beri 31 viloyatdan 15 tasida umuman yog‘ingarchilik kuzatilmagan. 2025-yil Eron uchun so‘nggi bir necha o‘n yillikdagi eng qurg‘oqchil yillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eron Suv xo‘jaligi federatsiyasi rahbari Rizo Hoji Karimning aytishicha, hozirgi inqiroz sababi — olimlarning yer osti suvlarining kamayishi va iqlim o‘zgarishi haqidagi ogohlantirishlariga yillar davomida e’tibor berilmaganidadir.
