06-11-2025 12:44

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, davlat bilan bog‘liq daromad manbalariga Putinning qizlari — Mariya Vorontsova va Katerina Tixonova, shuningdek, prezidentning amakivachchalari Yevgeniy va Igor Putin, hamda tog‘asining qizlari Lyubov Shelomova va Lyubov Kruglova oilalari ega bo‘lgan.
Putinning “to‘rtta mashhur sevgilisi” — sobiq rafiqasi Lyudmila Ocheretnaya, Alina Kabayeva, Svetlana Krivonogix va Alisa Xarchevaning oila a’zolari ham davlat lavozimlariga joylashtirilgan, deyiladi xabarda.
Eng nufuzli lavozimlar prezidentning amakivachchasi Yevgeniy Putinning qarindoshlariga nasib etgan. Anna Sivileva (Yevgeniyning qizi, prezidentning jiyani) mudofaa vaziri o‘rinbosari, uning turmush o‘rtog‘i Sergey esa energetika vaziri lavozimlarini egallagan. Anna Sivelevaning tug‘ishgan akasi Mixail Putin “Gazprom”da yuqori lavozimda ishlamoqda.
Prezidentning otasi tomonidagi qarindoshlar tarmog‘i ham boshqa bir yirik davlat kompaniyasini nazorat qiladi. Putinning jiyani Viktor Xmarin “Rusgidro” kompaniyasiga rahbarlik qiladi. Prezidentning kuyovlaridan biri, Igor Zelenskiy (Katerina Tixonovaning fuqarolik turmush o‘rtog‘i) Sevastopolda teatr qurilishini boshqargan. Shu bilan birga, Alisa Xarchevaning otasi Vsevolod Xarchev esa hozirda “Dialog” nomli notijorat tashkilotda oddiy lavozimda ishlamoqda.
“Proyekt” nashrining ta’kidlashicha, Putin davlat lavozimlariga joylashtirilgan qarindoshlari soni bo‘yicha Rossiya hukmdorlari orasida kamida Romanovlar sulolasi davridan beri rekord o‘rnatgan bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun, “uzoq vaqt davomida qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘liq bo‘lgan” deb hisoblangan prezident Boris Yelsin o‘zining beshdan ortiq bo‘lmagan qarindoshlarini yuqori lavozimlarga joylashtirgan.
Sovet davrida ham yetakchilar o‘z qarindoshlarini muhim lavozimlarga tayinlagan. Masalan, Vladimir Leninning rafiqasi Nadejda Krupskaya maorif xalq komissarligi o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, bir nechta boshqa qarindoshlar ham hokimiyat tizimida turli, ammo uncha yuqori bo‘lmagan lavozimlarni egallagan.
Iosif Stalinning o‘g‘li Vasiliy poytaxt harbiy-havo kuchlariga qo‘mondonlik qilgan. Nikita Xrushchyovning kuyovi Aleksey Adjubey “Izvestiya” gazetasining bosh muharriri va Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.
Leonid Brejnevning o‘g‘li tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari, kuyovi esa ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, Yuriy Andropovning o‘g‘li taniqli diplomat bo‘lgan, Konstantin Chernenkoning o‘g‘li esa faqat “Goskino” boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarilgan.
“SSSR rahbarlarining boshqa ba’zi qarindoshlari ham hokimiyat bilan bog‘liq lavozimlarni oldi, ammo Putin davridagi miqyos bilan solishtirib bo‘lmaydi”, deyiladi xabarda.
