04-11-2025 11:46

Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining «Termiz aeroporti» chegara bojxona postida xorijga yo‘l olgan fuqaro belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazilgan. Tekshiruv paytida uning qo‘l yuklari orasidan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, arab yozuvida bitiklar mavjud bo‘lgan 5 dona qadimiy metall tanga topilgan.
Topilmalarning haqiqiy qiymatini aniqlash uchun badiiy ekspertiza tayinlangan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur tangalar XVI asrga oid bo‘lib, ularda arab yozuvida diniy iboralar va hukmdor nomlari bitilgan. Shu asosda ular madaniy boylik sifatida e’tirof etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi 131-sonli qaroriga muvofiq, yaratilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan madaniy boyliklarni mamlakatdan olib chiqish taqiqlanadi.
Hozirda ashyoviy dalillar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
