23-07-2025 05:13
2025-yil 7-martda qabul qilingan qonunga ko‘ra, chiqindi xizmati uchun qarzdorlik mavjud bo‘lsa, iste’molchiga SMS orqali ogohlantirish yuboriladi. Agar u 5 kun mobaynida qarzni to‘lamasa, elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Bu orqali aholini chiqindi to‘loviga rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Biroq amaliyotda ushbu mexanizm to‘liq ishlamay turibdi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «HET» ilovasida chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik ma’lumotlari ko‘rsatilmayapti. Bundan tashqari, «Toza makon» elektron tizimi bilan elektr tarmoqlarining billing tizimi o‘rtasida integratsiya muammolari mavjud. Shuningdek, ko‘plab fuqarolarda chiqindi xizmati bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilmagan va abonent hisob raqamlari noaniq.
Ushbu kamchiliklar aholida tushunmovchilik va norozilikka sabab bo‘layotgani qayd etildi. Shu bois, Senat qo‘mitasi Ekologiya vazirligi hamda Energetika vazirligiga ushbu muammolar yuzasidan aniq ma’lumot berish va amaliy takliflar tayyorlash yuzasidan topshiriq yubordi.