22-07-2025 06:00
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyatidagi bo‘limlari tomonidan G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1985-yilda tug‘ilgan, avval jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning uyi ko‘zdan kechirildi.
U yerdan jami 100 ming donadan ortiq turli nomdagi chet elda ishlab chiqarilgan ozdiruvchi mahsulotlar va dori vositalari topildi. Ular orasida «KETO COFFEE MIX SLIM COFFEE», «SLT SLIM LUX COFFEE», «HOODIA CACTUS SLIMMING COFFEE», «REDUKSIN LIGHT» va boshqa turdagi vositalar borligi ma’lum qilindi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ushbu vositalar tarkibida «sibutramin» moddasi mavjudligini rasman tasdiqladi. Mazkur modda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 818-sonli qaroriga muvofiq kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1 moddasi 5-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayonida ushbu mahsulotlarning chet eldan qanday yo‘llar bilan olib kirilgani ham o‘rganilmoqda.