Sirdaryo va Namangan viloyatlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya”, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va “Hududgaztaʼminot” AJ bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Xususan, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan MChJda gaz hisoblagichiga oʻrnatilgan bir martalik tamgʻa uzilib, 223 million 300 ming soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida joylashgan, yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli issiqxona qurilmalari gaz hisoblagichdan tashqari 20 mm polietilen quvur orqali gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 3 milliard 2 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani maʼlum boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.