29-10-2025 11:30

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda bir-birini qo‘llab-quvvatlash, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
A.Vuchich mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi faol va tashabbuskor pozitsiyasi hamda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining barqaror oshib borayotgani tarixiy ahamiyatga ega voqelik sifatida e’tirof etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ushbu tashrif ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi.
Senat Raisi O‘zbekiston Serbiyani Janubiy-Sharqiy Yevropadagi muhim hamkorlardan biri sifatida ko‘rishini ta’kidlab, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash, “do‘stlik guruhlari” faoliyatini kuchaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlashda parlamentlar nazoratining muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, pozitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch hamda hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
