Oʻzbekiston Umumjahon pochta konvensiyasiga qoʻshildi
17.10.2024 15:47
16-oktyabr kuni Prezidentning “Xalqaro shartnomalarga qoʻshilish toʻgʻrisida”gi 362-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston 2021-yilning 26-avgustida qabul qilingan Umumjahon pochta konvensiyasiga qoʻshildi. Shuningdek, qarorga koʻra, Oʻzbekiston quyidagi bayonnoma, konvensiyasi va bitimlarga ham qoʻshildi.
Umumjahon pochta ittifoqining umumiy reglamentiga ikkinchi qoʻshimcha bayonnomaga (Addis-Abeba, 2018-yil 7-sentyabr);
Umumjahon pochta ittifoqining umumiy reglamentiga uchinchi qoʻshimcha bayonnomaga (Abidjan, 2021-yil 26-avgust);
Umumjahon pochta konvensiyasiga yakuniy bayonnomaga (Abidjan, 2021-yil 26-avgust);
Pochta toʻlov xizmatlari toʻgʻrisidagi bitimga (Abidjan, 2021-yil 26-avgust);
Pochta toʻlov xizmatlari toʻgʻrisidagi bitimga yakuniy bayonnomaga (Abidjan, 2021-yil 26-avgust).
Raqamli texnologiyalar vazirligi mazkur xalqaro shartnomalarning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin ularning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi.