27-10-2025 09:24

Sir emas, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuzda harorat pasayishi bilan kasallanish ko‘rsatkichlari birmuncha ortadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, shamollash mavsumining boshlanishi odatda avgust oyi oxiri va sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda esa bu muddat biroz kechroq — oktyabr oyining oxirgi 10 kunligida boshlandi. Ya’ni bu ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, hech qanday g‘ayriodatiy holat emas.
Ba’zida respirator belgilar yo‘talish, aksirish, burun achishishi, tana harorati ko‘tarilishi bilan kuzatilsa, ayrim bemorlarda oshqozon-ichak tizimining buzilishi tarzida namoyon bo‘ladi. Demak, bu xastaliklar har doim ham bir xil kechmaydi va mazkur holat virusning shtammlari bilan bog‘liq.
Yana bir muhim jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Bir paytning o‘zida bakterial va virusli infeksiyalar avj olishi qayd etilmaydi. Ya’ni mikroorganizmlar olamida shunday bir jarayon borki, biri ikkinchisining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Mavsumiy respirator kasalliklar avj olishini koronavirus mutatsiyasi sifatida baholash ham mutlaqo o‘rinsiz. Qolaversa, bugunga kelib COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylanib ulgurgan. Hozirgi paytda mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha vaziyat barqaror.
Aytish joizki, hozirda tibbiyot muassasalarida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni davolash uchun zarur o‘rin-joy va dori-darmon zaxiralari yaratilgan. Yurtimizdagi epidemik vaziyat muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida shtab tuzilib, unga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari, soha olimlari, tizim mutasaddilari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan onalik va bolalikni muhofaza qilishga mas’ul mutaxassislar jalb qilingan.
Shu o‘rinda ota-onalarga kasallik belgilari kuzatilgan farzandlarini o‘z vaqtida oilaviy shifokor ko‘rigiga olib borish tavsiya etiladi.
Umuman, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Shu bois hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
