25-10-2025 09:25

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazida «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda tegishli tashkilotlar vakillari, ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlari, olimlar, ziyolilar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Ma’naviyat markazi, mahallalar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, «Nuroniy» jamg‘armasi hamda boshqa idoralar bilan hamkorlikda jamiyatda «maromiylik» kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot dasturi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.
Ushbu besh tashkilot tomonidan 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida fuqarolar orasida me’yorni saqlash, isrofdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglikni keng yoyish, to‘y va ma’rakalarni ixcham, kamxarj va milliy qadriyatlarga mos ravishda o‘tkazish bo‘yicha siyosiy-ma’rifiy soatlar, seminarlar va ochiq muloqotlar tashkil etiladi.
Shuningdek, «Kinokarvon» loyihasi orqali yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va isrofgarchilikka qarshi ruhda tarbiyalashga qaratilgan media-kampaniyalar amalga oshiriladi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tashabbus jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofning oldini olish va milliy qadriyatlarga asoslangan me’yoriy hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
