25-10-2025 06:03

Bu muhim voqea O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo davlati bilan bozorga kirish sharoiti bo‘yicha, jumladan eksport va import bojxona imtiyozlari hamda xizmatlar sohasidagi kelishuvlarni o‘z ichiga olgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini anglatadi, deb yozadi Bu haqda Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘z LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.
"Ikki yildan ortiq faol muzokaralar, tahlillar va hamkorlikdagi ish jarayoni mamlakatimiz uchun katta natija berdi. Bu jarayon sadoqat, qat’iyat va hamjihatlik bilan amalga oshirilib, o‘zaro manfaatli kelishuvga erishish imkonini berdi.
Muzokaralardagi qo‘llab-quvvatlovi va yetakchiligi uchun Yevropa Ittifoqi muzokara guruhiga, xususan, YEI Savdo bo‘yicha bosh direktori Sabina Veyand, bosh muzokarachi Tamash Machzak, Mari-Per Nikora va barcha hamkasblarga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ushbu jarayonda doimiy yordam va rag‘bat bergan Prezidentimiz, Prezident Administratsiyasi rahbari, Bosh vazir o‘rinbosari — Idoralararo qo‘mita raisi hamda muzokara guruhi a’zolariga ham samimiy minnatdorlik bildiriladi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-davlat bo‘ldi. Shuningdek, o‘tgan hafta Panama bilan kelishuv tuzilgani haqida ham ma’lum qilingan edi.
Endi rasman ma’lum: O‘zbekiston 31 ta JTT a’zosi bilan muzokaralarni yakunladi, faqatgina uchta davlat bilan muzokaralar qoldi," — deb yozadi bosh muzokarachi.
O‘z o‘rnida Yevropa Ittifoqining policy.trade.ec.europa.eu saytida ham bu haqda xabar berildi.
Yozilishicha, muzokaralar doirasida O‘zbekiston tovarlar importi va eksporti bo‘yicha eng yuqori bojxona stavkalari hamda xizmatlar sohasidagi majburiyat va imtiyozlarini belgilab berdi. Ushbu kelishuvlar kelgusida O‘zbekistonning JTTga qo‘shilish Protokolida aks ettiriladi.
Shuningdek, shu kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘zaro manfaatli sohalar — savdo, investitsiya va hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni (EPCA) ham imzoladilar.
Bu qadam Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi hamda 2025-yil 4-aprel kuni bo‘lib o‘tgan “YEI — Markaziy Osiyo” sammitida mintaqaviy hamkorlikning strategik darajaga ko‘tarilganini amalda tasdiqlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil yakuniga ko‘ra Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi uchinchi yirik savdo hamkori (umumiy tashqi savdodagi ulushi 10,4 foiz) va ikkinchi yirik eksport bozori (eksportdagi ulushi 7,2 foiz) hisoblanadi.
