24-10-2025 13:11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 23 oktyabrda imzolangan «Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1092-son) bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik liberallashtirildi.
Yangi normalarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘z jinoyati uchun belgilangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgach, sudlanmagan hisoblanadi. Bu o‘zgarish jinoyat sodir etgan yoshlarning keyingi hayotida ijtimoiy reabilitatsiyaga qaytish imkoniyatini kengaytiradi.
Shu bilan birga, mazkur imtiyoz o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlarga yoki jazoni o‘tab bo‘lgach, yana qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Qonun bilan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishning eng kam muddatlari ham qisqartirildi — avvalgi olti oylik chegara o‘rniga endi bir oylik minimal jazo qo‘llanishi mumkin. Bu choralar voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish va jazo tizimini insonparvarlashtirishga qaratilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgartishlar jinoiy jazo siyosatini liberallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, voyaga yetmaganlar bilan ishlashda tarbiyaviy va profilaktik usullarning ustuvorligini ta’minlaydi.
