24-10-2025 09:55

AQSH prezidenti ma’muriyati Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy sohilning bir qismining anneksiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda prezident Donald Tramp Time jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Bu amalga oshmaydi, chunki men arab mamlakatlariga so‘z berganman», dedi u G‘arbiy sohilni anneksiya qilish haqida. «Agar bu sodir bo‘lsa, Isroil Qo‘shma Shtatlardan keladigan barcha yordamini yo‘qotadi».
Ushbu intervyu e’lon qilinishidan bir kun oldin, Isroil parlamenti – Knesset Falastin davlatining asosiy hududi bo‘lgan G‘arbiy Sohildagi yerlarni anneksiya qilishni yoqlab ramziy ovozlarni qabul qilgandi.
Payshanba kuni Isroilga ikki kunlik tashrifini yakunlayotgan vitse-prezident JD Venc ovoz berishdan g‘azablaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kimdir unga bu amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan ramziy siyosiy hiyla ekanligini aytgan.
«Agar bu siyosiy hiyla bo‘lsa, bu juda ahmoqona siyosiy hiyla edi va men shaxsan bunga «haqorat» bilan qarayman. Tramp ma’muriyatining siyosati shundaki, G‘arbiy Sohil Isroil tomonidan qo‘shib olinmaydi», dedi u.
Shu kunlarda Isroilga kelayotgan davlat kotibi Marko Rubio ham anneksiya – AQSH ma’muriyati «hozirda qo‘llab-quvvatlamaydigan narsa» ekanligini aytdi. Uning ogohlantirishicha, bunday harakatlar G‘azo sulh bitimiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Chorshanba kuni ovoz berishlar aynan AQSH vitse-prezidenti Isroilga kelgan kuni bo‘ldi. AQSH rasmiylarining keskin reaksiyasi esa Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni ovoz berish jarayonidan «uzoqlashishga» majbur qildi, deb yozmoqda New York Times.
«Knessetda anneksiya bo‘yicha ovoz berish vitse-prezident JD Vencning Isroilga tashrifi paytida, nizo qo‘zg‘ash uchun muxolifat tomonidan qasddan qilingan siyosiy provokatsiya edi», deb bayonot berdi Netanyahu.
Isroil parlamentining ikki o‘ng qanot a’zosi tomonidan ilgari surilgan takliflar asosan ramziy ma’noga ega. Loyiha qonunga aylanishi uchun yana bir nechta ovoz berish jarayonlari va ko‘plab qo‘mita ishlari talab etiladi.
Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich / Foto: Getty Images
Ammo so‘nggi haftalarda Isroilda anneksiya haqidagi gap-so‘zlar tobora dolzarblashib bormoqda. Chunki Isroilning an’anaviy yaqin ittifoqchilari bo‘lgan ba’zi davlatlar Falastin davlatini rasman tan olishga qadam qo‘yishdi.
Ushbu siyosiy harakatlar G‘azo sulhini mustahkamlash uchun ketma-ket Isroilga kelayotgan AQSH rasmiylarining tashriflari vaqtida amalga oshirildi.
Benyamin Netanyahu Isroil tarixidagi eng o‘ng qanot va konservativ koalitsiyaga rahbarlik qiladi. Uning asosiy elementlari G‘arbiy Sohilning katta qismini anneksiya qilishni xohlaydi.
Dunyoning aksariyat qismi G‘arbiy Sohildagi yahudiy aholi punktlarini xalqaro huquqning buzilishi, deb hisoblaydi.
