23-10-2025 08:33

Ikki dona gipersonik uchuvchi apparat mamlakat poytaxti Pxenyandagi Ryokpxo hududidan shimoli-sharq yo‘nalishida uchirilgan. Agentlikka ko‘ra, qurollar Shimoliy Xamgyon provinsiyasidagi Oran tumani hududida joylashgan Kvesan cho‘qqisi yaqinidagi nishonga kuchli zarba bergan.
Zarbalarni shaxsan kuzatgan Koreya Mehnat partiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi Pak Chon Chxonning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurol KXDRning mudofaa texnik salohiyatining uzluksiz yangilanayotganidan dalolat beradi. U milliy mudofaa sohasidagi ilmiy-tadqiqot guruhining ishlarini yuqori baholagan.
Ma’lumot uchun, gipersonik qurollar odatdagidan ancha tez – Mach 5 (ya’ni tovush tezligining 5 baravari) va undan yuqori tezlikda harakatlanadi. Ular balistik raketalardan farqli ravishda yo‘nalishini o‘zgartira oladi va parvoz profilida ko‘proq manyovr qiladi, shuning uchun aniqlash va yo‘q qilish qiyinroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Seulda Janubiy Koreya va AQSH Prezidentlari uchrashuvi arafasida KXDR mamlakatning sharqiy sohilidagi dengiz tomonga qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgandi. Janubiy Koreya birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bir nechta snaryadlar aniqlangan, ular, ehtimol, qisqa masofali ballistik raketalar bo‘lgan. Bu 2025 yilning iyun oyida yangi Prezident Li Che Myon lavozimiga kirishganidan beri KXDR tomonidan amalga oshirilgan birinchi bunday sinovdir. Oldingi raketa uchirilishi may oyida sodir bo‘lgan edi.
