22-10-2025 11:55

2000-yilda chiqarilgan Nokia 3310 o‘zining mustahkamligi, uzoq muddatli batareyasi va qulay interfeysi bilan mashhur bo‘lgan. 2017-yilda HMD Global tomonidan telefonning yangilangan versiyasi ishlab chiqarilgan. Hozirda ushbu model Finlyandiya va Norvegiyada katta talabga ega bo‘lmoqda. Telefonning mustahkam korpusi va internetga ulanmasligi sababli asosan bolalar va maktab o‘quvchilari orasida mashhur bo‘lmoqda.
Finlyandiya parlamenti 2025-yil 29-aprelda maktablarda smartfonlardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Yangi qonunga ko‘ra, o‘quvchilar dars davomida faqat o‘qituvchi ruxsati bilan mobil qurilma ishlatishi mumkin. Shu bilan birga, Norvegiya hukumati ham o‘quvchilarning salomatligini yaxshilash va o‘qish samaradorligini oshirish maqsadida maktablarda smartfonlardan foydalanishni chekladi. Natijada oddiy va tugmali telefonlarga bo‘lgan talab oshdi.
Finlyandiya va Norvegiyada avval ishlatilgan Nokia telefonlariga bo‘lgan talab bir necha barobar oshgan. Finlyandiyadagi eski telefonlar platformasi direktorining aytishicha, hozirda aholining Nokia’ga qiziqishi iPhone 17 dan ko‘ra ko‘proqdir. Ayniqsa, joriy yil 25 yoshga to‘lgan mashhur telefon — Nokia 3310 xaridorlar orasida eng ko‘p so‘raladigan modeldir.
