22-10-2025 11:07

«Bu summa, albatta, nihoyatda hayratlanarli. Ammo bu o‘g‘rilik natijasida yetkazilgan tarixiy zararni pul bilan qiyoslab bo‘lmaydi», — deya prokuror Lor Bekkoning so‘zlarini keltirmoqda New York Times.
Fransiyadagi shov-shuvli o‘g‘rilik 19-oktyabr kuni ertalab sodir bo‘ldi. O‘g‘rilar mexanik narvon yordamida Luvrning ikkinchi qavatiga chiqib, derazani ochishgan, ular muzeyning Apollon galereyasiga kirib, bir necha daqiqa ichida 8 ta buyumni olib chiqib ketdi.
O‘g‘irlangan buyumlar orasida qirollik safir marjoni, zumrad marjon va unga mos sirg‘alar hamda Napoleon III ning rafiqasi imperatritsa Yevgeniya taqib yurgan diadema ham bor edi.
Ayni vaqtda jinoyatchilar hali topilmagan. Rasmiylarning aytishicha, tergov jinoyatni — uyushgan va tashkiliy jinoiy guruh sodir etgan, degan taxmin asosida olib borilmoqda. Shuningdek, Bekko xonim tergov jamoasi dastlabki 60 kishidan 100 kishigacha kengaytirilganini ham ma’lum qildi.
Mutaxassislar bu turdagi o‘g‘rilar ko‘pincha buyumlarning badiiy qiymatidan ko‘ra ularni maydalab yoki eritib sotishga ko‘proq qiziqishadi, deydi.
Prokurorning aytishicha, o‘g‘irlangan asarlarning umumiy qiymatini Luvr muzeyi rasmiysi 88 million yevroga baholagan. U shuningdek, agar o‘g‘rilar zargarlik buyumlarini eritib yuborishsa yoki qismlarga ajratsa, bu summaga sotishning imkoni bo‘lmasligini ogohlantirdi.
«Shuning uchun, ehtimol, ular buni o‘ylab ko‘rishar va zargarlik asarlarini vayron qilishmas, degan umidda qolamiz», — dedi u radioga bergan intervyusida.
Uning tushuntirishicha, o‘g‘rilar yuk mashinasiga o‘rnatilgan elektr narvonni «ko‘chish maqsadida foydalanamiz» degan yolg‘on bilan olib, uni tekshirish uchun kelgan shaxsni qo‘rqitishgan. Qiziq tomoni, ismi oshkor etilmagan ushbu shaxs Parijdan 35 kilometr shimolda joylashgan Luvr shahar politsiyasiga ariza bergan. «Bu, albatta, hayratlanarli tasodif», — dedi prokuror Bekko.
Fransiya madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar sug‘urtalanmagan — bu davlat kolleksiyalari uchun odatiy hol, chunki bunday sug‘urtaning narxi nihoyatda yuqori. «Davlatning o‘zi sug‘urtachi sifatida harakat qiladi, chunki «asarlarga zarar yetish holatlari juda kam» va sug‘urta xarajatlari haddan tashqari qimmat», deydi vazirlik.
