Tantanali tadbirni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov so‘z bilan ochib berib, unda sport xalqlarni birlashtiruvchi, do‘stlikni mustahkamlovchi, har qanday mamlakatni dunyoga tez tanituvchi sohalardan biri ekanligini alohida qayd etdi.
Xususan, Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dunyo hamjamiyatida Yangi O‘zbekistonni mavqeini mustahkamlash borasida olib borayotgan oqilona siyosatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri ham sportni rivojlantirish, aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.
Parij shahrida boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi olimpiyada oʻyinlarida mamlakatimiz terma jamoasi 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egallaganligi, Mudofaa vazirligi sportchilari ushbu nufuzli musobaqada 2 ta oltin va 1 ta kumush medallarini qoʻlga kiritgani e’tirof etildi va mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan ular taqdirlandi.
Xususan, -52 kg vazn toifasida dzyudo sporti boʻyicha ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi tarixida ilk oltin medal sohibasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin navbatdagi “katta leytenant” harbiy unvoni topshirildi. Shuningdek, u “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlandi.
-68 kg vazn toifasida taekvondo sporti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tarixida ilk ikki karra Olimpiada oltin medal sohibi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi kichik serjant Ulugʻbek Rashitov boshlangʻich ofitserlik “leytenant” harbiy unvoni bilan taqdirlandi.
Taekvondo sporti boʻyicha ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi ilk kumush medal sohibasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport boʻlimi sportchisi kichik serjant Svetlana Osipovaga ham boshlangʻich ofitserlik “leytenant” harbiy unvoni topshirildi. Bundan tashqari, u “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlandi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishdagi faolligi hamda xamkorligi uchun Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi oʻqituvchi treneri – Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xan Pavel Afanasyevich ikki xonali uy bilan;
-57 kg vazn toifasida boks sporti boʻyicha ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalarda matonat va jasorat koʻrsatganligi uchun Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport boʻlimi sportchisi – oddiy askar Turdibekova Sitora Shavkat qizi “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Boks federatsiyasi bosh murabbiyi Qilichev Toʻlqin Maxmurovich, boks boʻyicha ayollar Bosh murabbiyi Rasulov Elshod Yunusovich, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi oʻqituvchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xasanov Akmal Yoʻldashevich mudofaa vazirining “Malakali ustoz” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
Bundan tashqari, mudofaa vazirining buyrug‘i bilan qolgan harbiy xizmatchi, Qurolli Kuchlar ishchi, xizmatchilari va murabbiylar ham joylarda tantanali ravishda taqdirlanishi belgilandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.