14-10-2025 12:21
Chernogoriya hukumati Armaniston, O‘zbekiston va Misr fuqarolarini vizadan vaqtincha ozod etish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqdagi qaror 2025-yil 9 oktyabr kuni Chernogoriya Vazirlar Mahkamasining bosh vazir Milojko Spayich raisligida bo‘lib o‘tgan 98-sessiyasida qabul qilingan.
«Vazirlar Mahkamasi Armaniston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi fuqarolarini viza olishdan vaqtincha ozod etish to‘g‘risidagi qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish haqida qarorlar qabul qildi. 2024-2027-yillardagi Islohotlar kun tartibi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishning yakuniy mezonlari doirasidagi majburiyatlarga muvofiq, 24-bobda Chernogoriya Yevropa Ittifoqining viza siyosati bilan uyg‘unlashishda davom etmoqda. Shunga ko‘ra, bugungi tuzatishlar yuqorida tilga olingan mamlakatlar fuqarolari uchun vizalardan vaqtincha ozod qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi va shu bilan Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lishga qat’iy sodiqligi haqida aniq signal beradi», deyiladi hukumat saytidagi xabarda.
Vazirlar Mahkamasi viza rejimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi nizomni qabul qilgan.
Endi O‘zbekiston fuqarolari Chernogoriyaga kirish uchun viza rasmiylashtirishi talab etiladi. Ushbu tartib 2025-yil 29-oktyabrdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Chernogoriyada 2023-yilning iyun oyidan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingan va ikki mamlakat o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi.