14-10-2025 12:42
Endilikda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada murakkab ruxsatnomalarsiz ishlashlari mumkin bo‘ladi. Ularga davlat va xususiy muassasalarda tadbirkorlik va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi, harbiy va xavfsizlik organlarida xizmat qilish bundan mustasno.
Farmonga ko‘ra, xorijliklar Turkiya fuqarolari bilan teng ravishda kasbiy uyushmalarda ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Yashash va ishga joylashish uchun Turkiya fuqaroligi talabi ham bekor qilingan. Yangi qoidalar saylovda qatnashish yoki saylanish huquqini bermaydi.
Bu qaror 2025-yil 7-oktyabrda Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammitidan ko‘p o‘tmay qabul qilindi. Uchrashuvda davlat rahbarlari iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va turkiy dunyoda ishchi kuchining erkin harakatlanishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish niyatida ekanliklarini e’lon qilishdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiy kengash sifatida 2009-yil oktyabr oyida tashkil etilgan. 2021-yildan u hozirgi nomi bilan atala boshlandi. Tashkilotga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston a’zo. Vengriya, Turkmaniston va qisman tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega, deb xabar berdi 24.kg.