21-10-2025 10:42
Qayd etilishicha, keyingi yil sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan.
Bularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy superkompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi. Oqibatda tadbirkorlar o‘z loyihasi uchun chet eldagi infratuzilmadan foydalanib, bunga millionlab dollar sarflaydi.
Shu bois, joriy yil 16 ta superkompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratilgan bo‘lsa, keyingi yilda bu uchun mablag‘lar 2 karraga oshiriladi.
Prezident dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
O‘zbekistonda 8 yilda 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi, aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olindi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun 7 ta data-markaz ishga tushirildi.