20-10-2025 13:54
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahri va unga tutash hududlarga keladigan yuk avtomobillari uchun avtovokzallar va to‘xtash joylari qurish loyihasi taqdim etildi, deya xabar beradi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvi lavhasida.
Qayd etilishicha, avtoturargohlarda loyiha bo‘yicha yuk mashina haydovchilari uchun kemping, avtovokzal va dam olish zonalari qurish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotga ko‘ra, ba’zi obyektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektarlik yer maydonlari ajratiladi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov poytaxtda yuk mashinalari harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanishini ma’lum qildi.
«Toshkentda tig‘iz paytlarda yuk mashinalari harakatini cheklashga ruxsat bergansiz. Ertalab cheklovlar kiritamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk mashinalari uchun kempinglar qurmoqchimiz. Masalan, Samarqanddan chiqqan yuk mashinasi, soat 8:00 da kelib qolsa, o‘sha to‘xtash joyida 3 soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin bo‘ladi. Shunda tig‘iz vaqtlarda bemalol [harakatni] cheklashimiz mumkin. Qolgan vaqtda yuk mashinalari bemalol harakatlana oladi», – dedi u .