Isroil mudofaa kuchlariga ko‘ra, Hayfa janubidagi Binyamin-Givat-Ada stansiyasida joylashgan bazaga hujum chog‘ida yetti nafar askar og‘ir yaralangan.
Magen David Adom (MDA) tibbiy xizmati avvalroq hujum oqibatida 61 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan. 37 kishi tez yordam mashinasi va vertolyotda shifoxonalarga olib ketilgan.
Hujum uchun javobgarlikni Hizbulloh o‘z zimmasiga oldi. Tashkilot matbuot xizmatining xabar berishicha, bu hujum payshanba kuni Isroilning Livan janubi va Bayrutdagi hujumlariga javoban amalga oshirilgan.
Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, hujum paytida harbiylar oshxonada bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan suratlarda zarbadan keyin tomida teshik bo‘lgan bo‘sh oshxona aks etgan.
Times of Israel gazetasi dastlabki tergov ma’lumotlariga tayanib, Hizbulloh O‘rta yer dengizidan ikkita “Mirsad” dronlarini uchirgani haqida xabar berdi.
Isroilning Alma Research tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ular “yo‘q qilish radiusi 120 km, maksimal tezligi 370 km/soat, 40 kg gacha portlovchi moddalarni olib o‘tish va 3 km balandlikda ucha olish” qobiliyatiga ega.
Ikki dron Isroil radarlari tomonidan kuzatilgan va biri Hayfa shimoliy qirg‘og‘ida urib tushirilgan, ikkinchisi esa yerga juda yaqin uchib ketgani uchun radarlardan g‘oyib bo‘lgan, deb yozadi nashr.