20-10-2025 10:53

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Rossiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik haydovchilari ushbu mamlakat hududida bir kalendar yilda 90 kundan ortiq bo‘lolmasligini eslatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil holatiga ko‘ra o‘zbekistonlik haydovchilar Rossiyadagi xalqaro yuk tashish bozorining qariyb chorak qismini tashkil etmoqda. Biroq qonun buzilishi sababli ko‘plab migrantlar deportatsiya qilinib, keyinchalik kirish taqiqlari bilan to‘qnashmoqda.
Agentlik barcha haydovchilarni chegaradan o‘tishda migratsiya kartasini to‘g‘ri to‘ldirishga chaqirdi. Unda safar maqsadi sifatida «xizmat» yoki «tranzit» deb ko‘rsatilishi lozim. «Turizm» deb yozish holatlari ko‘pincha qonunbuzarlikka olib kelmoqda.
Rossiyaga kirgandan so‘ng fuqarolar 15 ish kuni ichida migratsiya ro‘yxatiga turishi shart. Buni ish beruvchi yoki qabul qiluvchi tashkilot orqali amalga oshirish mumkin. Shuningdek, «90/365» qoidasiga ko‘ra, Rossiyada bir yil davomida 90 kundan ortiq bo‘lish taqiqlanadi.
Agentlik haydovchilarga har qanday xizmat faoliyati, yuk tashish yoki fors-major holatlarini rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlab borishni tavsiya etdi. Bu transport vositasi buzilib qolganda yoki kechikish holatlarida huquqiy muammolarning oldini oladi.
Qoidalarni buzgan fuqarolarga nisbatan Rossiya qonunchiligiga muvofiq 3-yildan 10-yilgacha kirish taqiqlari qo‘llanilishi mumkin. Agar fuqaro noto‘g‘ri ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa, u apellyatsiya berish huquqiga ega.
Shuningdek, muammoga duch kelganlar Moskvadagi O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakolatxonasiga +7 925 045 4744 telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
