20-10-2025 10:39

Xitoy qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi yetakchiligini yana bir bor isbotladi. Tibet platosida joylashgan yangi «Talatan Solar Park» dunyodagi eng baland va eng katta quyosh fermasi bo‘lib, uning maydoni Manhetten orolidan yetti barobar katta. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.
Loyiha 420 kvadrat kilometrlik hududni qamrab olgan bo‘lib, unda minglab quyosh panellari va shamol turbinalari o‘rnatilgan. Ular birgalikda kunduzi quyoshdan, kechasi esa shamoldan energiya ishlab chiqaradi. Shuningdek, energiya daryo bo‘ylariga qurilgan gidroelektrostansiyalar orqali ham qo‘shimcha ravishda ishlab chiqariladi.
Tibet platosida ishlab chiqarilayotgan energiya 1600 kilometrdan ortiq masofadagi shaharlar va sanoat markazlariga yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali yetkaziladi. Bu tarmoqlar 48 ming kilometrlik yuqori tezlikdagi temiryo‘l tizimini ham elektr bilan ta’minlaydi.
«Talatan» loyihasi hozirda 16 930 megavatt quvvatga ega bo‘lib, bu Chikago shahridagi barcha xonadonlarni ta’minlash uchun yetarli. Yaqin uch yil ichida quyosh fermasining maydoni yana 10 barobar kengaytirilishi rejalashtirilgan. Yaqin atrofdagi shamol elektr stansiyalari 4700 megavatt, gidroelektrostansiyalar esa 7380 megavatt quvvat ishlab chiqaradi.
Bunday katta loyihalarning maqsadi nafaqat energiyani arzonlashtirish, balki Xitoyni jahondagi asosiy qayta tiklanuvchi energiya yetkazib beruvchi davlatga aylantirishdir. Xitoy bu orqali nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlamoqda, balki global energiya bozorida yangi standartlarni ham o‘rnatmoqda.
