20-10-2025 10:21

Yaman hududining qariyb uchdan bir qismini nazorat qiluvchi “Ansor Alloh” isyonchi harakatining bir qismi bo‘lgan husiylar poytaxt Sanada BMTning 20 nafar xodimini, jumladan, 15 nafar chet el fuqarosini hibsga oldi. Bu haqda BMT vakili TASS agentligiga ma’lum qildi.
“Kecha, 2025-yil 18-oktyabr kuni “Ansor Alloh” xavfsizlik xizmati xodimlari BMTning Sanadagi qarorgohiga ruxsatsiz kirishgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 11 nafar milliy xodim so‘roqdan keyin qo‘yib yuborilgan. Besh nafar milliy xodim va 15 nafar xalqaro xodim qarorgohda hibsda qolmoqda”, dedi agentlik matbuot kotibi.
Matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, BMT “ushbu jiddiy hodisani imkon qadar tezroq hal qilish, barcha hibsga olingan xodimlarni ozod qilish va uning obyektlari ustidan to‘liq nazoratni tiklash uchun” Sana rasmiylari, shuningdek, xalqaro tan olingan Yaman hukumati bilan aloqani davom ettirmoqda.
Al Arabiya xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Husiylarning Yaman poytaxtida xalqaro tashkilotlarga hujumlari kuchaygan. BMT manbasiga ko‘ra, so‘nggi keskinlik to‘lqini isyonchilar yetakchisi Abdel Malik al-Husiyning Yamanda faoliyat yuritayotgan gumanitar tashkilotlar bilan bog‘liq bo‘lgan “xavfli josuslik yacheykalari” mavjudligi haqidagi so‘nggi bayonotidan keyin boshlangan.
O‘zining tarafdorlariga qilgan so‘nggi murojaatida al-Husiy BMT Jahon oziq-ovqat dasturi xodimlarining Isroilga 2025-yil avgustida Sanadagi hujumlarga yordam bergan razvedka ma’lumotlarini taqdim etishda ishtirok etgani haqida “inkor etib bo‘lmas dalillar” borligini da’vo qildi. Ushbu hujumlarda harakatning bir qancha yuqori martabali a’zolari, jumladan, husiylar tomonidan tuzilgan hukumat rahbari va isyonchilar shtab boshlig‘i halok bo‘ldi.
Yamanda faoliyat yuritayotgan BMT agentliklari va gumanitar tashkilotlarga qarshi husiylarning ritorikasi so‘nggi oylarda Isroilning isyonchilar nishonlariga bergan zarbalari fonida keskin avj oldi. Oktyabr oyi boshida husiylar BMTning to‘qqiz nafar xodimini hibsga olgan va ularni josuslikda ayblagan edi. BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yildan beri husiylar nazoratidagi hududda BMTning jami 53 nafar xodimi hibsga olingan, deb xabar berdi tass.ru.
