20-10-2025 10:19

AQSHning sobiq prezidenti 82 yoshli Jo Bayden davolanishni boshlagandan beri ilk bor jamoatchilik oldida ko‘rindi. U Delaver shtatidagi Avliyo Iosif cherkovida bo‘lib o‘tgan marosimda qatnashish uchun borgan. Bu haqda «The New York Post» nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bayden bu joyda yillar davomida muntazam tashrif buyurib keladi. Nashr e’lon qilgan fotosuratlarda Bayden yonidagi ayolga suyanib turgani va uning o‘ng ko‘zi ustida yaqinda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan qolgan yara izi ko‘rinib turgani qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenda prostata bezi saratonining so‘nggi — to‘rtinchi bosqichi aniqlangan va kasallik suyaklarga tarqalgan. U besh haftalik nurlanish va gormonal terapiya kursini boshlagan. Shifokorlar tashxisni u siydik chiqarishdagi muammolar bilan shifokorga murojaat qilganidan keyin qo‘ygan. Tekshiruv natijasida uning prostata bezida kichik tugun aniqlangan.
Mazkur tashxisgacha Bayden ikki marta teri saratonini olib tashlash operatsiyasini ham boshidan kechirgan. Birinchisi o‘tgan oy peshonasida, ikkinchisi esa 2023-yilda ko‘krak qismida amalga oshirilgan.
Ibodat marosimi taxminan 50 daqiqa davom etgan, undan keyin Bayden mahalliy aholi bilan yana 10 daqiqa suhbatlashgan. Bu uning davolanish jarayoni boshlanganidan keyingi ilk ommaviy chiqishi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Bayden 2024-yil iyul oyida Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muvaffaqiyatsiz debatdan so‘ng qayta saylanish kampaniyasini to‘xtatgan va Kamala Xarris nomzodini qo‘llab-quvvatlagan edi.
