29-06-2025 17:30
Ozarboyjonda Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan tashkil etilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi. Bu haqda mamlakat madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Bekor qilingan tadbirlar orasida konsertlar, festivallar, spektakl va ko‘rgazmalar bor. Fuqarolarga chiptaga sarflangan pullarini qaytarib olish uchun savdo punktlari va onlayn platformalarga murojaat qilish tavsiya qilingan.
Ozarboyjon madaniyat vazirligi ushbu qarorni Rossiya huquq-tartibot organlarining Yekaterinburgdagi harakatlariga javoban qabul qildi. U yerda ozarboyjonliklarning yashash va ish joylarida keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilib, Ozarboyjonning 50 dan ortiq fuqarosi qo‘lga olingandi. Reyd davomida ikki kishi – aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarov halok bo‘lgan.
Ozarboyjon TIV Rossiyaning Bokudagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov mamlakat tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan va unga rasmiy norozilik bildirilgan. Tashqi siyosiy idora Rossiya xavfsizlik kuchlarining harakatlarini «qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik» deb atadi.