06-10-2025 10:53

7 oktyabr kuni Oy o‘zining perigey nuqtasiga yetib, Yer markazidan 360 ming kilometrdan ham yaqinroq masofada bo‘lib, Oyning diametri kattaroq va yorqinligi yuqoriroq ko‘rinadi. Bu masofa Oyning Yerdan eng uzoqda bo‘ladigan nuqtasidan 14 foiz yaqinroqdir, deb xabar bermoqda TASS agentligi.
Astronomlar ta’kidlashicha, «Super Oy»ni kuzatish uchun eng qulay vaqt — kechqurungi soatlar bo‘lib, Oy osmonda katta va juda ravshan ko‘rinadi. 8 oktyabr kuni Oy biroz uzoqlashadi, 23 oktyabrga kelib esa Yerdan 406 ming kilometrdan ortiq masofaga chekinadi.
Oktyabr oyi osmon kuzatuvchilari uchun yana bir necha astronomik hodisalarni taqdim etadi. 13 oktyabr kuni Oy Yupiter bilan, 19 oktyabr tongda esa osmondagi eng yorqin sayyora — Venera bilan yaqin burchakda ko‘rinadi. Bu holatlar oddiy ko‘z bilan ham yorqin tarzda kuzatilishi mumkin.
Bundan tashqari, oy davomida Saturnni kuzatish uchun ham qulay sharoit yaratiladi. 20 karrali kattalashtirishda uning halqalari ko‘rinadi, 100 mm teleskop egalari esa uning yirik yo‘ldoshi — Titanni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Oktyabr osmonida, shuningdek, ikki kometa — C/2025 A6 Lemmon va C/2025 R2 Swan ham ko‘rinadi. Birinchisi shimoliy g‘arb, ikkinchisi janubiy g‘arb qismida kuzatiladi. 21 oktyabr kuni esa Orionidlar meteor oqimi avjiga chiqib, har soatda 5 ta yulduz yog‘dini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
