03-10-2025 11:39

Odatda tinch va barqaror vaziyat hukm surgan Marokashda bir haftadan buyon korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli norozilik aksiyalari davom etmoqda, matbuot buni «Z avlod» namoyishi deb atagan. Chorshanba kuni politsiya mahkamasiga bostirib kirishga urinish chog‘ida uch kishi otib o‘ldirilgan.
Marokash bosh vaziri Aziz Axanush payshanba kuni uch kishi o‘limini tasdiqladi. Jahon axborot agentliklari xabar berishicha, namoyishchilar mamlakat janubidagi Agadir kurort shahri yaqinidagi Laklia shaharchasida politsiya uchastkasiga bostirib kirishga uringanida o‘qotar qurol qo‘llangan.
Morocco World News sayti aniqlik kiritishicha, namoyishchilar jandarmeriya kazarmasini shturm qilishga va u yerdagi qurollarga ega chiqishga harakat qilgan.
Marokash IIV jandarmeriyaga hujum qilganlarda sovuq qurollar bo‘lgani hamda jandarmlar qonun doirasida o‘zini himoya qilish uchun o‘t ochganini ma’lum qilgan.
Namoyishlar ishtirokchilari korrupsiya, ijtimoiy tengsizlik hamda Marokashda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Afrika millatlar kubogi va 2030 yilda Marokash qo‘shnilari Portugaliya va Ispaniya bilan birgalikda mezbonlik qiladigan jahon chempionati uchun qilinayotgan katta xarajatlardan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqishgan.
Namoyishchilar shunday hayqirishmoqda: «Stadionlar bor, ammo shifoxonalar nima bo‘ladi?»
Norozilik aksiyalari boshlanishiga Agadirdagi shifoxonada tug‘ilgan sakkiz chaqaloqning o‘limi turtki bo‘ldi.
«Z avlodi» (bular taxminan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar) namoyishlari bir oy muqaddam Nepalda bo‘lgani kabi butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda, ular Discord internet-platformasi orqali o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishmoqda.
Marokashda koordinatsiya bilan Discord’dagi «GenZ 212» guruhi shug‘ullanmoqda. Uning asoschilari kim ekani noma’lum.
Qirollik ichki ishlar vazirligi payshanba kuni tartibsizliklar vaqtida qariyb 300 kishi yaralangani, ularning aksari politsiyachilar (jandarmlar) ekani, namoyishchilarning 400 dan ortig‘i hibsga olinganini ma’lum qildi.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishchilar 80 ta ma’muriy binoni, banklar va do‘konlarni talon-toroj qilgan, shuningdek, davlat tashkilotlariga tegishli qariyb 300 ta mashinani hamda xususiy shaxslarning 175 ta avtomobilini pachoqlagan hamda yoqib yuborgan.
GenZ 212 guruhi asoschilari norozilikni tinch shaklda ifoda etishga chaqirmoqda.
«Biz jamiyat va hokimiyatni namoyishlarimiz mutlaqo tinch o‘tishiga ishontiramiz va har qanday ko‘rinishdagi vandalizm va zo‘ravonlikni rad etamiz», – dedi ular payshanba kuni norozilik namoyishlarini davom ettirish yoki ettirmaslik bo‘yicha ovoz berishdan so‘ng. Guruhning 150 mingga yaqin a’zosining aksariyati davom ettirish uchun ovoz berdi.
Dastlabki kunlarda namoyishlar tinch o‘tgandi, tartibsizliklar 1 oktyabrdan boshlandi.
Bosh vazir Aziz Axanush payshanba kuni hukumat namoyishchilarni tinglashga tayyorligini aytdi.
«Hukumat davlat institutlari doirasida ijtimoiy makonda konstruktiv muloqot uchun ochiq. Muloqot – muammolarni hal qilish va barqaror ijtimoiy adolatni ta’minlashning yagona yo‘li», – deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi Morocco World News.
Namoyishchilar Axanush va uning butun hukumati iste’fosini ham talab qilmoqda.
Marokash qirolligi – badavlat mamlakat emas: IMF baholashicha, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi yiliga 4,2 ming dollarni tashkil etadi. Bu Shimoliy Afrikaning boshqa davlatlari Jazoir va Tunisdan, shuningdek, Yevropadagi qo‘shnilar Ispaniya va Portugaliyadagidan bir necha baravarga kamroqdir.
