02-10-2025 09:36

Manbalarga ko‘ra, Afg‘oniston bosh vaziri Muhammad Hasan Oxund buyrug‘i bilan internet qayta tiklangan. Uni o‘chirish qarori esa “Tolibon” oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda tomonidan qabul qilingan. Bu korxonalar va parvozlar faoliyatini izdan chiqargan. Favqulodda xizmatlardan foydalanish imkoniyati va ayollarning onlayn ta’lim olishi ham cheklangan.
Internet tiklangani haqidagi xabarlar “Tolibon” bunga aloqasi borligini rad etgach tarqaldi. Jumladan, “Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid optik tolali kabellar almashtirilayotganini aytdi. U shu tariqa internet uzilishiga hukumatning aloqadorligini rad etdi.
29-sentyabr kuni mamlakat bo‘ylab internet butunlay uzildi. Dunyo bo‘ylab internet erkinligini kuzatib boruvchi NetBlocks tashkilotiga ko‘ra, optik tolali internetni o‘chirish orqali “Tolibon” mamlakatda yangi axloqiy chora-tadbirlarni joriy etishni boshlagan. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi internetga kirishni tezkorlik bilan tiklashga chaqirdi.
“Afg‘onistonda internetga kirish imkoniyatining cheklanishi mamlakatni tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘ydi. Bu afg‘on xalqiga jiddiy zarar yetkazadi. Shuningdek, internetning uzilishi iqtisodiy barqarorlikka tahdid solishi hamda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini yanada chuqurlashtirishi mumkin”, deyiladi BMTning bayonotida.
“Tolibon” 2021-yilda AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng mamlakatda hokimiyatni egalladi. Shundan beri ular aholiga qarshi taqiqlar joriy etib kelmoqda. Xususan, ayollar huquqlari cheklab qo‘yildi, qizlarga ta’lim taqiqlanib, harakatlanish erkinligiga to‘siqlar qo‘yildi, “zino” uchun jamoat joyida jazolash va qatl etish holatlari kuzatildi.
2025-yil iyulida Xalqaro jinoiy sud “Tolibon” oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda va bosh sudya Abdul Hakim Haqqoniyga qarshi xalqaro hibsga olish orderi chiqardi. Ular insoniyatga qarshi jinoyatlarda, jumladan, ayollarni jinsiga qarab ta’qib qilishda ayblanmoqda.
