Amerikaning musulmon va arab jamoalari yetakchilari Michiganda AQSH vitse-prezidenti, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris bilan uchrashuvda undan prezident Jo Baydenning Yaqin Sharqqa nisbatan yuritayotgan siyosatidan chetga chiqishni talab qildi, deya xabar beradi Kazinform CNN telekanaliga tayanib.
Amerikalik musulmonlar ovozini kuchaytirishni maqsad qilgan, Emgage Action guruhi bosh direktori Vael Alzayatning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari “vitse-prezident Kamala Xarrisdan prezident Jo Baydenning Isroilga nisbatan siyosatidan voz kechishni va G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishni so‘ragan".
Bunga javoban, u Kamala Xarris "hech qanday va’da bermagan", biroq "u ham urush tugashini xohlashini va qo‘lidan kelganini qilib, shu maqsadda harakat qilishini" aytdi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv Kamala Xarrisning Livanda Isroil va Hizbulloh o‘rtasida kuchayib borayotgan mojaroga munosabatidan norozilik kuchaygan va “uning kampaniyasi tanqidiy ovozlarga quloq solishni istamasligi” fonida bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizbulloh” bosh kotibining vorisi 4 oktyabr kuni Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyinchalik Isroil Bayrutga yana hujumlar uyushtirdi. 1 oktyabrda Isroil armiyasi Livan janubida quruqlikdagi operatsiya boshlanganini e’lon qilib, “Hizbulloh” infratuzilmasini yo‘q qilishni maqsad deb atadi.