24-09-2025 12:32
Maxsus bo‘linmalar xodimlari ko‘ngilochar maskanga bostirib kirgan bu joyda xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, reyd davomida jami 620 nafar shaxs tekshiruvdan o‘tkazildi. Tintuvning asosiy maqsadi Rossiyaga chet eldan kelgan fuqarolar va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlashdan iborat bo‘lgan. Shunga qaramay, hech bir mehmondan taqiqlangan narsa yoki modda topilmadi.
Shu bilan birga, 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketildi. Tekshiruvlar jarayonida ulardan sakkiz nafari Rossiya hududida noqonuniy ravishda bo‘lgani aniqlandi. Qolganlariga nisbatan ham hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqildi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi.
Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda.