22-09-2025 11:09

21-sentyabr kuni Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda kamida 40 kishi, jumladan 19 nafar ayol va bolalar, shuningdek Livanda 5 kishi halok bo‘ldi.
The Guardian nashrining mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga tayanib xabar berishicha, G‘azo shahrining janubiy qismidagi turar joy binosiga uyushtirilgan bir zarbada kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Al-Avda shifoxonasi esa markaziy G‘azodagi Bureyj qochqinlar lageriga qilingan hujumda kamida 8 falastinlik o‘ldirilganini bildirdi.
Isroil, shuningdek, Livanning janubidagi Bint Jubayl shahrida dron hujumi uyushtirib, 5 kishini – uch bola va ularning otasini o‘ldirdi. Livan prezidenti Jozef Aun bu zarbani qoralab, uni Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi sulhni buzish deb atadi.
Reuters’ning Livan davlat axborot agentligiga tayanib yozishicha, zarba mototsikl va mashinaga qilingan, ikki kishi yaralangan. Parlament spikeri Nabih Berri o‘z bayonotida halok bo‘lganlar orasida ota va uch farzandi borligini, onasi esa yaralanganini aytdi. Ularning AQSH fuqaroligi borligi ham ma’lum qilindi. AQSH davlat departamenti esa «dalillar shuni ko‘rsatadiki, halok bo‘lgan besh kishidan hech biri AQSH fuqarosi emas. Ulardan birining ilgari foydalanilmagan immigratsiya vizasi arizasi bo‘lgan», — dedi.
O‘tgan yil noyabrida sulh imzolanganiga qaramay, Isroil Livanga deyarli har kuni zarba berib kelmoqda. Livan armiyasiga ko‘ra, bu zarbalar soni 4 500dan oshgan. Livan hukumati Isroilning bunday harakatlari Hizbullohni qurolsizlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni izdan chiqarmoqda, deya ta’kidladi.
Livan prezidenti Jozef Aun
«Biz Nyu-Yorkda tinchlik va inson huquqlari masalalarini muhokama qilayotgan bir paytda, Isroil xalqaro rezolyutsiyalarni muntazam ravishda buzishda davom etmoqda… Bolalarimiz qonidan ustun turadigan tinchlik bo‘lishi mumkin emas», — dedi Aun.
Isroil hujumlarni kuchaytirmoqda
Isroil bu hafta G‘azo shahriga hujumlarini kuchaytirdi va shaharni egallash kampaniyasining boshlanganini e’lon qildi. Armiya tinimsiz ravishda baland qavatli binolarni nishonga olmoqda. Humanitar xodimlarga faqat shifoxonalarda hujum qilinmaydi, deb ma’lum qilindi va shahardagi 1 million aholiga shaharni tark etishni buyurdi.
IDF’ga ko‘ra, avgust oxiridan beri G‘azo shahridan yarim milliondan ortiq falastinlik ko‘chirilgan. Ammo, ko‘plab falastinliklar transport xarajatini ko‘tara olmagani sababli janubdagi «humanitar zona» deb e’lon qilingan hududga piyoda ketishga majbur bo‘lgan yoki shaharda qolgan. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bunday majburiy ko‘chirish G‘azodagi falokatli sharoitlarni yanada og‘irlashtiradi, aholining katta qismi allaqachon ocharchilikdan aziyat chekmoqda.
BMTning Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining ma’lum qilishicha, Isroil ochlikdan aziyat chekayotgan odamlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatlari muntazam ravishda to‘sib qo‘ymoqda. Har hafta yangi cheklovlar joriy etilmoqda.
Yakshanba kuni Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya va Portugaliya Falastin davlatini rasman tan oldi. Yaqin orada yana boshqa davlatlar ham shunday qaror qabul qilishi kutilmoqda. G‘arb davlatlari va xalqaro hamjamiyatning katta qismi Isroildan G‘azoda sulhga erishishni va G‘azo shahriga hujumlarni to‘xtatishni talab qildi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa bunga g‘azab bilan javob berib, G‘arb davlatlarini «Hamas uchun bema’ni mukofot berayotganlikda» aybladi.
Isroil hujumlari oxirgi 23 oyda G‘azoda 65 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘ldi va hududning katta qismini vayron qildi.
