19-09-2025 10:38

Kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun hukumat ishchi guruhi tuzdi. Guruh a’zosi Altaf Alining aytishicha, rasmiylar butun shtat bo‘ylab “kasalliklarni aniqlash va davolash maqsadida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazmoqda”. 2025-yilda Naegleria fowleri amyobasi tufayli 19 kishi vafot etgan, 72 nafari esa kasallikka chalingan. Birgina sentyabr oyining o‘zida to‘qqiz o‘lim va 24 ta kasallanish holati qayd etilgan.
2024-yilda esa 36 bemordan to‘qqiz nafari hayotdan ko‘z yumgan edi. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi(CDC) ma’lumotiga ko‘ra, amyoba “miyani zararlab, miya to‘qimalarini yo‘q qiladi”. Agar u miyaga yetib borsa, infeksiya odatda 95 foizdan ortiq hollarda o‘lim bilan tugaydi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday infeksiyalar “nihoyatda kam uchraydi, ammo deyarli doim o‘limga olib keladi”. Amyoba iliq ko‘l va daryolarda yashaydi hamda iflos suv burunga tushishi orqali yuqadi. U odamdan odamga yuqmaydi. Kasallikning dastlabki belgilari bosh og‘rig‘i, isitma va qusish bo‘lsa, keyinchalik ular “tutqanoq, ruhiy holatning o‘zgarishi, gallyutsinatsiyalar va koma”ga olib kelishi mumkin.
Tashvishli tomoni shundaki, ilgari faqat ayrim hududlarda kuzatilgan bu kasallik, endi butun shtat bo‘ylab tarqalmoqda, dedi Ali.
1962-yildan beri butun dunyoda 500 ga yaqin holat qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati AQSH, Hindiston, Pokiston va Avstraliyada aniqlangan.
