19-09-2025 10:29

Rossiya prezidenti Vladimir Putin migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylash mumkin deb hisoblamoqda. Bu haqda parlament fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda so‘z bordi, deya xabar berdi TASS.
«Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. U keng qo‘llaniladi. Hech narsani istisno qilmayman. Hamkasblaringiz bilan birgalikda bu masala haqida o‘ylab ko‘ringlar», dedi Putin «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi raisi Sergey Mironovning shu haqdagi taklifiga.
Rossiya rahbari, shuningdek, migratsiya sohasi rossiyaliklar uchun sezgir ekanligini aytdi.
«Hokimiyat na federal darajada, na mahalliy darajada o‘zini muammo yo‘qdek tutmasligi kerak. Bu muammolar bor, ularni hal qilish kerak, lekin ularni [migrantlarni] doimiy nazoratda tutmasangiz, [bu muammolarni] hal qilib bo‘lmaydi», dedi u.
Patent tizimini bekor qilish zarurligi haqida «Spravedlivaya Rossiya - Za pravdu» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov bir necha yildan beri gapirmoqda. 2023-yilda u patentni ishlash uchun ruxsatnoma bilan almashtirishni taklif qildi, uni olishda mehnat migrantlari suratga tushishi va barmoq izlarini topshirishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq, Mironov Davlat Dumasida so‘zlagan nutqida bu mavzuni yana ko‘tardi.
«Mana bizga qardosh Belarus, u yerda hech qanday patent yo‘q. Ish beruvchi belaruslar yetishmayotganini, mehnat resurslarini jalb qilish zarurligini isbotlashi shart. Keyin ular hech qanday oilasiz, hech qanday ijtimoiy yuksiz keladi. Ishlab, pulini olib, qaytib ketadi. Biz ham shunday qilishimiz kerak», dedi Mironov.
Mehnat patenti vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlarga Rossiyada ishlash uchun zarur (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolari bundan mustasno). Bu hujjat faqat unda ko‘rsatilgan muayyan hudud va faoliyat sohasida amal qiladi. Hozir patent narxi hududga qarab farq qiladi. 2025-yilda Moskvada ishlashni istagan mehnat migrantlari uchun bu oylik 8,9 ming rublni tashkil etdi. Sankt-Peterburgda - 6 ming rubl.
2025-yil yanvar-may oylarida mehnat migrantlariga patent sotishdan Rossiya byudjetiga o‘tkazilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i miqdori 63 mlrd rublni (804,5 mln dollar) tashkil etdi.
